PROPOLIS YOKI ASALARI YELIMI
Propolis smolasimon yopishqoq, zich yoki quyuq suyuqlik holidagi o’ziga xos yoqimli (qayin hidini eslatuvchi) hidli, yashil-qo’ng’ir yoki jigarrang-to’q qizg’ish rangli va achchiqroq-lovullatuvchi mazali massa bo’lib, metil va etil spirtlarida hamda petroleyn efirda yaxshi eriydi, suvda erimaydi yoki yomon eriydi. Uning zichligi (solishtirma og’irligi) 1,112—1,136, 80°C (80— 104°C) da suyuqlanib eriydi. Ko’p turib qolgan propolis keyinchalik yana ham to’q, qariyib qora rangli va zich qattiq massaga aylanadi hamda o’ziga xos hidini yo’qotadi.
Asalari propolis yordamida inining katakchalarini tekislab silliqlaydi, uning teshik va yoriqlarini berkitadi hamda iniga kirib qolgan va o’ldirilgan xasharotlarni balzamlab (mumiylab) suvab qo’yadi.
Propolisni ishchi asalari turli o’simliklar (qayin, terak, tol, qarag’ay, archa, qoraqarag’ay va boshqa daraxtlar) ning kurtaklaridan kunning birinchi yarmida yig’adi.
Kimyoviy tarkibi.
Propolis tarkibi 55% gacha smola-balzam, 35% gacha mum, 10% gacha efir moyi, benzoat va boshqa fenol-kislotalar, flavonoidlar, polisaxaridlar, kumarinlar va boshqa moddalardan tashkil topgan.
Propolis tarkibida 5% gacha o’simlik gullarining otalik changi bo’lib, shuni hisobiga u vitaminlarga, mineral moddalarga, jumladan mikroelementlarga boy.
Propolisning asosiy ta’sir etuvchi moddalaridan biri flavonoidlar (galangin, xrizin, kvertsetin, izoramnetin va boshqalar) va boshqa fenol birikmalar (fenol kislotalar va ularning efirlari) hisoblanadi.
Ishlatilishi.
Propolis kuchli bakteritsid, anesteziya (og’riqsizlantirish, og’riqni sezdirmaslik), yallig’lanishga qarshi va yarani bitishini tezlatuvchi ta’sirlarga ega. Shuning uchun uni dorivor preparatlari og’riq qoldiruvchi, dezinfektsiya qiluvchi va yallig’lanishga qarshi vosita sifatida stomatologiya amaliyotida (stomatit, yarali stomatit, gingivit va og’iz bo’shlig’ining boshqa yallig’lanish kasalliklarini davolashda), me’da — o’n ikki barmoq-ichak yara kasalligi, yiringli, uzoq bitmaydigan va kuygan (ayniqsa ko’zdagi) yaralarni, surunkali ekzema, neytrodermitlar, epidermit va boshqa teri kasalliklarini davolash uchun qo’llaniladi.
Dorivor preparatlari. Aerozol «Proposol» (stomatologiyada ishlatiladi), «Propotseum» surtmasi (teri kasalliklarida qo’llaniladi).
Manba: tfi.jethost.uz.